24-aprel, chorshanba tongida Toshkent shahrida ishga piyoda yoki jamoat transportida ketayotgan davlat tashkilotlari xodimlari ko‘rinish berdi. Bu mart oyidan boshlab har oyning to‘rtinchi chorshanbasida o‘tkaziladigan “Avtomobilsiz kun” aksiyasi bilan bog‘liq.

Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov xizmat safari bilan boshqa viloyatga yo‘l olgan bo‘lsa-da, aksiyada qatnashish uchun Toshkent temiryo‘l vokzaligacha velosipedda bordi. Eslatib o‘tamiz, aksiyaning bundan avvalgisida ham vazir tushdan so‘ng metroda harakatlangandi.

Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, aksiya doirasida tashkilot rahbariyati, boshqarma boshliqlari hamda boshqa mas’ullar shaxsiy va xizmat avtomashinalaridan emas, balki jamoat transportidan foydalandi. Jumladan, ular orasida bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikovani ham (asosiy suratda) ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, aksiyada poytaxtning Chilonzor tumani hokimligi xodimlari ham qatnashib, tarmoqlardagi sahifalarga surat va videolar joyladi.

Urbanist Iskandar Soliyev poytaxt hokimligi avtoturargohining avvalgi va bu safargi aksiya doirasidagi ko‘rinishini solishtirdi. Uning ishora qilishicha, 29-mart kuni o‘tkazilgan aksiyada bino avtoturargohi “avtomobilsiz” edi.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Devid Xofman ham erta tongdan jamoadoshlari bilan metroda yurgani aks etgan video e’lon qilindi.

Qolaversa Madaniyat, Adliya vazirliklari, Kadastr agentligi, “O‘zbekgidroenergo” AJ, Statistika agentligi, Sport vazirligi, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi va boshqa ko‘plab tashkilotlar kunning birinchi qismida asosan piyoda va jamoat transportida ishxonasiga yetib oldi.